Apple kompaniyasi o‘zining navbatdagi taqdimot marosimi uchun jurnalistlarga taklifnomalar jo‘natdi. Bu haqda Al Things Digital nashri xabariga tayanib “Kun” ma’lum qildi.

Apple_oct_invite

Foto © allthingsd.com

Tadbir 22-oktabr — seshanba kuni San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadi. U mahalliy vaqt bilan ertalab soat o‘nda boshlanadi. Toshkentda bu vaqtda soat kechki o‘n bo‘ladi.

Tadbir taklifnomasida turli tomonga uchib ketayorgan har xil rangdagi yaproqchalar tasvirlangan. Surat iOS 7 operatsion tizimi uslubida ishlangan. Surat ostida esa “We still have a lot to cover” (“Bizda hali aytadigan narsalar ko‘p”) yozuvi bor.

Apple, an’anaga ko‘ra, bo‘lajak taqdimotda aynan nima namoyish etilishini oldindan ma’lum qilmaydi. Biroq jurnalistlar taxminiga ko‘ra, Apple kompaniyasi iPad va iPad mini planshetlarining yangi avlodini namoyish etadi.

Mish-mishlarga ko‘ra, “katta” iPad nisbatan yupqa va yengil bo‘ladi, shuningdek, 64 bitli A7 protsessori bilan ta’minlanadi. Xuddi shunday protsessor sentabr oyida taqdim etilgan iPhone 5s’da ishlamoqda. iPad mini esa ajrata olishi yanada yuqori bo‘lgan ekranga ega bo‘ladi. Ba’zilarning taxminicha, kompaniya planshetlarga barmoq izi skanerlarini ham o‘rnatishi mumkin.

Apple 22-oktabr kuni Mac kompyuterlari uchun mo‘ljallangan OS X 10.9 Mavericks operatsion tizimi chiqadigan sanani e’lon qiladi va Macbook Pro noutbuklari yangi avlodini ham namoyish etadi.