Beeline Uzbekistan tijorat direktori Dmitriy Grigoryev “Mezon” nashriga bergan intervyusida bugungi yoshlar ovozli aloqadan ko‘ra, qisqa matnli xabarlarni afzal ko‘rayotganini, bunda WhatsApp kabi internet-messenjerlar qo‘l kelayotganini ta’kidladi. Yoshlarning xohishlaridan kelib chiqqan holda Beeline yangi “Bonus 500 SMS” aksiyasini e’lon qilganini ma’lum qildi.

Grigoryevning ta’kidlashicha, WhatsApp dasturi reklama ko‘rinishida keraksiz trafik yuborish orqali abonent hisobidagi trafikni ayovsiz “yeydi”. “Shu trafikni pulga chaqqanda hosil bo‘ladigan mablag‘ esa “Bilayn”ning SMS Unlim xizmati narxi bilan deyarli teng bo‘lib qoladi”, — deydi tijorat direktori.

38faaab046c8b532248ae21fbb6c8694_XL

Beeline Uzbekistan tijorat direktori Dmitriy Grigoryev. Foto © mezon.uz

Biroq bu yerda ikki tushunarsiz masala ko‘ndalang turibdi. Birinchidan, WhatsApp dastur ichida reklama ko‘rsatmasligi bilan taniqli. Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida WhatsApp Inc. kompaniyasiga murojaat qildik. Kompaniya asoschisi va bosh direktori Yan Koum bizga javoban WhatsApp dasturiga reklamalar joylashtirilmasligini va dastur hech qanday “reklama ko‘rinishidagi keraksiz trafik”ni yemasligini ma’lum qildi.

WhatsApp dasturi rasmiy saytida joylashtirilgan reklama ko‘rsatmaslik haqida bayonot

WhatsApp dasturi rasmiy saytida joylashtirilgan reklama ko‘rsatmaslik haqida bayonot

Ikkinchidan, ma’lumki, WhatsApp orqali har qanday aloqa operatori abonenti bilan muloqotda bo‘lish mumkin. Mablag‘ internet trafigi hisobidan sarflanadi. SMS Unlim xizmati orqali esa faqatgina tarmoq ichida cheksiz SMS xabarlari jo‘natish mumkin. Shunday ekan, ularni o‘zaro taqqoslash mumkin emas.

Dmitriy Grigoryev so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi Beeline abonentlarining 7 foizi smartfonlardan foydalanadi. “Ular ichida Android operatsion tizimiga asoslangan smartfonlar soni ustunlik qilmoqda. Bunga sabab O‘zbekiston bozorida Samsung, Huawei, ZTE va Artel mahsulotlarining ko‘p miqdorda paydo bo‘lganidir”, — dedi u.