VKontakte ijtimoiy tarmog‘ining 48% aksiyasiga egalik qiluvchi United Capital Partners (UCP) investkompaniyasi Rossiya OAVlariga Pavel Durovning Telegram messenjeri ishonchli emasligi haqida xabar jo‘natdi. Bu haqda Roem.ru xabar bermoqda.

“Vkontakte” va “Telegram” asoschisi Pavel Durov

“Vkontakte” va “Telegram” asoschisi Pavel Durov

Huquqshunoslar va sanoat mutaxassislari tahlillarining qisqacha tezislarini o‘z ichiga olgan hujjatda aytilishicha, shifrlangan ma’lumotlar bilan ishlaydigan dasturlarni iTunes App Store qoidalari bo‘yicha AQSh Sanoat va xavfsizlik byurosida (BIS) ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Agar aka-uka Durovlar Telegram’ni BIS’da ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsa, unda AQSh hukumati messenjerda qo‘llanilgan “shifrlash algoritmining barcha tafsilotlari”dan xabardor bo‘lgan, deyiladi xatda. Maktub mualliflari fikricha, bunday holat dastur orqali yuboriladigan xabarlarni AQSh maxsus xizmatlari yashirin kuzatish imkoniyatiga ega ekanligini bildiradi.

Agar Durovlar Telegram’ni App Store’ga BIS’da ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qo‘shgan bo‘lsa, ularni Apple va AQShning mas’ul davlat organlari tomonidan jiddiy tergov kutmoqda, deya ta’kidlanadi maktubda. Bundan tashqari, ushbu holatda aka-ukalarga “qora ro‘yxat”ga kiritilish, o‘nlab million dollarlik jarimalar ham xavf soladi.

UCP o‘z xatida yana bir ehtimolni keltirib o‘tadi. Unga ko‘ra, Pavel va Nikolay Durovlar AQSh maxsus xizmati bilan hamkorlik tuzgan bo‘lishi, natijada ular Telegram trafigi ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu xabarnomaga javoban, VKontakte bosh direktori va Telegram asoschisi Pavel Durov App Store qoidalarida istisno borligini va unga ko‘ra ochiq kodli dasturlarni BIS’da ro‘yxatdan o‘tkazish shart emasligini ta’kidladi. Ushbu istisno haqida oldindan bilgan holda, ishlab chiquvchilar dastur algoritmining ochiqligi uning xavfsizligiga ta’sir qilmasligini ta’minlagan, dedi Durov.

TJournal nashrining taxmin qilishicha, UCP tomonidan bunday xabarnomalarning tarqatilishi, VKontakte aksionerlari Durovning chetda amalga oshirayotgan loyihasidan norozi ekanligini ko‘rsatadi.