AQShning Kaliforniya shtati San-Xose shahrida sud majlisi Samsung kompaniyasini Apple patentlarini buzganlikda aybdor deb topdi va o‘z raqobatdoshiga 290 million dollar mablag‘ to‘lashi kerakligi haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Agence France-Presse xabar bermoqda.

afpjustin-sullivan-1168865-samsung-electronics-logo

Foto © AFP

Jarima miqdori har ikkala kompaniya kutganidan boshqacha bo‘lib chiqdi: Apple 380 million dollar undirib olishni ko‘zlagan bo‘lsa, Samsung’dagilar bor-yo‘g‘i 52 million dollar to‘lashini taxmin qilgan edi. Gap shundaki, Apple kompaniyasi fikricha, Samsungning 26 ta qurilmasidan 13 tasida ularning patentlangan texnologiyalari ko‘chirib olingan. Koreya kompaniyasining apellyatsiya shikoyatini berishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Samsung o‘z haqligini ko‘rsatish uchun yetarli dalillar taqdim etmagan. Samsung advokatlari Apple’ning “oddiy to‘rtburchak”ka o‘xshash keng tarqalgan shakllar va texnologiyalarga egalik qilishga haqqi bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Qayd etish lozim, ikki yirik smartfon ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi “patentlar urushi” 2010-yildan buyon davom etmoqda. Apple 2011-yilda Samsung kompaniyasini o‘zining iPhone va iPad qurilmalari ko‘rinishini ko‘chirib olganlikda ayblagan edi.

2012-yilning avgustida Samsung Apple’ning beshta patentlangan texnologiyasidan foydalanganlikda aybdor deb top;ilib, 1,05 milliard dollar tovon to‘lashga hukm qilingan edi. Keyinroq jarima 405 milliongacha qisqartirilib, ish qayta ko‘rib chiqishga yo‘naltirilgan edi.