LG’ning “aqlli” televizorlari foydalanuvchilarni yashirin nazorat qilayotgani ma’lum bo‘lgani haqida avval xabar bergan edik.

sfhgbfd

Foto © The Verge

Xalqaro OAVlarda tarqalgan bunday ma’lumotlarga javoban LG o‘zining rasmiy bayonotini e’lon qildi. Bu haqda The Verge xabar berdi.

Unda kompaniya ruxsatsiz to‘plangan axborotdan foydalanish qonunga xilof ekanidan xabardorligini bildirgan. Ular yig‘adigan ma’lumotlar esa foydalanuvchilarning bilvosita ruxsati bilan amalga oshishini ma’lum qilgan.

LG teletomoshabinlar haqida olinadigan axborotning shaxsiy maqsadlarda ishlatilmasligi, faqat har bir foydalanuvchi didiga mos bo‘lgan reklamalar va tavsiyalar uchungina qo‘llanilishini ta’kidlagan. Shuningdek, aqlli reklama xizmatidan voz kechish funksiyasining ishlamayotganini ham tan olgan.

Kompaniya kelajakda foydalanuvchilar talabidan kelib chiqib, yangiliklar qilish va ayni paytda ishlamayotgan funksiyani (aqlli reklama xizmatidan voz kechish funksiyasi) yaxshilashga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, foydalanuvchilardan biri yaqinda xarid qilgan LG SmartTV’ning ba’zi xususiyatlariga, xususan, televizorda telekanallar yoki tashqi manbalar (USB) orqali u tomosha qilayotgan ko‘rsatuv yoki filmlar mavzusiga bog‘liq reklamalar berilayotganiga e’tibor qaratgan.

Muallif bu borada izlanish olib borib, LG Smart Ad (LG “aqlli” reklamasi) imkoniyatlari bilan tanishgan. Ma’lum bo‘lishicha, foydalanuvchining sevimli ko‘rsatuvlari, kanallari, ko‘radigan filmlari haqida axborot to‘planib, LG serveriga yuboriladi. Olingan ma’lumotlar tahlil qilinib, har bir foydalanuvchining didiga mos bo‘lgan reklamalar namoyish etiladi.

Muallif LG’ning bunday siyosatidan — shaxsiy hayoti yashirin kuzatilayotganidan noroziligini bildirib, kompaniyaga xat yuborgan. Unga javoban, foydalanuvchining televizorni xarid qilish bilan undan foydalanish qoidalari va shartlariga rozilik bildirganini, xariddan avval ular bilan tanishib ko‘rishi kerakligini ma’lum qilishgan.