22-noyabr, juma kuni Toshkentdagi Driver’s Village dilerlik markazida ilk xaridorlarga yangilangan Lacetti avtomobillari topshirildi. Bu haqda “O’zavtosanoat” rasmiy saytiga tayanib “Kun” nashri xabar bermoqda.

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

Xabarda avtomobil Chevrolet Lacetti’ning feysliftga uchragan, yangilangan versiyasi deb ta’riflangan. Avvalroq esa, bir qator nashrlarda ushbu model Rossiya bozorida Daewoo Gentra deb tanishtirilgani, GM Uzbekistan 1-iyundan unga Rossiyada buyurtmalar qabul qilishni boshlagani haqida xabar bergan edik.

gentra_10_2013_2

Xabar berishlaricha, yangilangan mashinaga GM Powertrain Uzbekistan’da ishlab chiqarilgan yangi to‘rt silindrli, hajmi 1,5 litrlik, quvvati 105 ot kuchiga teng dvigatel o‘rnatiladi. Ushbu dvigatel Chevrolet'ning boshqa modeli — Cobalt'ga ham o‘rnatilgan. Avtomobil, modeliga qarab, 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomatik quti bilan jihozlanishi mumkin.

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

Bundan tashqari, yangi avtomobilning old qismi O‘zbekistonda 2003-yildan buyon ishlab chiqariladigan Lacetti'dan ancha farq qiladi. Yangi Lacetti'ga o‘zgacha fara, bamper va tumanga qarshi chiroqlar o‘rnatilgan. Avtomobilning interyerida ham birmuncha o‘zgarishlar mavjud. Bulardan magnitolani ruldan turib boshqarish, o‘rindiq va rulni haydovchiga qulay qilib sozlash imkoniyatlari kengaytirilganini alohida ta’kidlash mumkin.

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

“O‘zavtosanoat” kompaniyasi rasmiy xabarida yangi avtomobil narxlari haqida ma’lumot berilmagan.

Ayni vaqtda, ijtimoiy tarmoqlarda Gentra bilan bir vaqtda O’zbekistonda yangi Chevrolet Impala sedani va Chevrolet Orlando yo‘ltanlamas mashinalari ishlab chiqarilishi haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Jumladan, 15 mingdan ortiq obunachisi bor “I Love Tashkent” feysbuk sahifasida yozilishicha, GM Uzbekistan 2014 yil kuzidan O’zbekistonda Impala va Orlando savdosini boshlaydi.

Chevrolet Impala. Foto: motortrend.com

Chevrolet Impala. Foto: motortrend.com

Qayd etish joiz, Orlando ishlab chiqarilish mumkinligi haqidagi xabarlar avval ham paydo bo‘lgandi. Jumladan, OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Toshkentda shu rusumda raqamsiz va sinov uchun yurgan mashinalar ko‘ringan.