1940-yili Germaniyada ishlab chiqarilgan Wanderer avtomobili Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan avtomobil bozorida sotuvga qo‘yilgan. AutoCenter.uz saytining sharhida qayd etilishicha, mashinaga 10 ming dollar narx qo‘yilgan. Bu haqda “Kun” nashri xabar bermoqda.

wanderer_27112013

Foto © autocenter.uz

Avtomobil o‘tgan yillar davomida qancha yo‘l yurgani haqida ma’lumot yo‘q, shuningdek, uning aynan qaysi model ekanligi ham ko‘rsatilmagan. Biroq, suratga qarab, mashina yaxshi holatda saqlanganini ko‘rish mumkin.

Autocenter.Uz’ning sharhida xuddi shu narxga 2012-yilda ishlab chiqarilgan, shu vaqtgacha 24 ming kilometr yo‘l bosgan Chevrolet Matiz sotilayotganini ham ko‘rish mumkin. Boshqa bir haydovchi 2012-yilda ishlab chiqarilgan va shu vaqtgacha 10 ming kilometr yo‘l bosgan o‘zining oq rangli Matiz’ini 11,2 ming dollarga sotuvga qo‘ygani ko‘rsatilgan. Qayd etish joiz, GM Uzbekistan avtosalonlarida Matiz’larni, modifikatsiyasiga ko‘ra, 14,49 million so‘mdan 22,79 million so‘mgacha narxlarda sotib olish mumkin.

Avtosharhda, shuningdek, 2012-yilda ishlab chiqarilgan va kamida 30 ming kilometr yo‘l bosgan Chevrolet Nexia avtomobillari narxlari ham ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, ushbu avtomillar Sergeli avtobozorida 14,8 ming dollardan 15,2 dollargacha sotilmoqda. Avtosalonlarda esa avtomobilni, modifikatsiyasiga qarab, 22,03 million so‘mdan 31,3 million so‘mgacha sotib olish mumkin.

Avtosharhda turli yillarda yaqin xorij mamlakatlarida ishlab chiqarilgan avtomobillar narxlari ham berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, 1988—2008-yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan turli rusumdagi “Lada” avtomobillari 4,2 ming dollardan 9,5 ming dollargacha sotilmoqda.

Ayni vaqtda, tasnifi bo‘yicha Chevrolet Nexia bilan bir turkumda bo‘lgan, 2012-yil Rossiyada ishlab chiqarilgan Lada Granta mashinasiga 14,5 ming dollar, 2012 yili Ukrainada yig‘ilgan ZAZ Forza avtomobiliga esa 14 ming dollar narx qo‘yilgan.

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi avtobozor O‘zbekiston poytaxtidagi eng katta ixtisoslashgan avtomobil savdo majmuasi hisoblanadi.