22-noyabr, juma kuni Toshkentdagi Driver’s Village dilerlik markazida ilk xaridorlarga yangilangan Lacetti avtomobillari topshirilgani haqida avval xabar bergan edik.

gentra_10_2013_2

Yangi Chevrolet Lacetti. Foto: uzavtosanoat.uz

Ma’lum bo‘lishicha, hozircha yangilangan Chevrolet Lacetti faqatgina taqdimot bo‘lib o‘tgan joyda – Sergeli tumanidagi Driver’s Village avtosalonida bor. Avtosalon vakilasining ma’lum qilishicha, salonda yangi avtomobillar ham, ular uchun shartnomalar ham bor, xaridorlar “hatto rang tanlashlari ham mumkin”. Ayni vaqtda, Lacetti’ning eski modellari salonlarga kelishi kutilmayapti, dilerlar faqat yangilangan modelni kutishyapti. ”Hozirgi kunga kelib eski Lacetti zaxirasi to‘la tamom bo‘lgan. Shu sabab avvalroq eski Lacetti uchun hujjat rasmiylashtirganlar qo‘shimcha haq to‘lab, yangi Gentra’ni sotib olishadi”, – deb yozadi “Kun” nashri.

Salon xodimlari tomonidan taqdim etilgan prays-listga ko‘ra, o‘rta komplektatsiyadagi Gentra avtomobili (CDX M/T C60 AJ3PG9 B18 JL9 T96) 44 333 540 so‘m, uchinchi pozitsiyadagi avtomobil (CDX M/T C60 AJ3PG9 B18 JL9 T96 UK3 CF5) 62 582 010 so‘m turadi. Bu haqda “Uz24” nashri ma’lum qildi.

Nashrning yozishicha, bugungi kunda komplektatsiyalardan har qaysisi uchun shartnoma olish mumkin. Avtomobilning yetib kelish muddati esa komplektatsiya turiga bog‘liq. Masalan, hozir shartnoma tuzilsa, ikkinchi pozitsiya Lacetti mashinasini iyun—iyul oylarida, uchinchi pozitsiyadagisini esa avgustda olish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, yangilangan mashinaga GM Powertrain Uzbekistan’da ishlab chiqarilgan yangi to‘rt silindrli, hajmi 1,5 litrlik, quvvati 105 ot kuchiga teng dvigatel o‘rnatiladi. Ushbu dvigatel Chevrolet’ning boshqa modeli — Cobalt’ga ham o‘rnatilgan. Avtomobil, modeliga qarab, 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomatik quti bilan jihozlanishi mumkin.

Bundan tashqari, yangi avtomobilning old qismi O‘zbekistonda 2003-yildan buyon ishlab chiqariladigan Lacetti’dan ancha farq qiladi. Yangi Lacetti’ga o‘zgacha fara, bamper va tumanga qarshi chiroqlar o‘rnatilgan. Avtomobilning interyerida ham birmuncha o‘zgarishlar mavjud. Bulardan magnitolani ruldan turib boshqarish, o‘rindiq va rulni haydovchiga qulay qilib sozlash imkoniyatlari kengaytirilganini alohida ta’kidlash mumkin.

Yangilangan Lacetti narxlari va komplektatsiyasi haqida Chevrolet'ning rasmiy saytida hech qanday ma’lumot berilmagan.