Kecha Prezident Islom Karimov yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli yoshlarni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, turli sohalarda faoliyat yurituvchi qator o‘zbek yoshlari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Desktop1

Ular orasida Toshkent shahri “Paxtakor” professional futbol klubi a’zosi Abbosbek Maxstaliyev va shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Nafisa Mo‘minovaga sport sohasida yuqori natijalarga erishgani uchun “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni berildi.

Bundan tashqari, tennis bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Denis Istomin va boshqa bir qator sportchilar “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, samarali mehnati, tashabbuskorligi va alohida yutuqlari bilan Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasi hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganlar orasida bir guruh o‘quvchi va talabalar ham bor. Siz-u bizga o‘zbek robot ixtirochisi sifatida tanish bo‘lgan Olimjon To‘ychiyev ham ular orasida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti talabasi Olimjon To‘ychiyev o‘zbek tilidagi ovoz orqali masofadan boshqariladigan robotni yaratgan. Hozirda “Yosh Robototexniklar” loyihasi ustida ishlab, yurtimiz yoshlarini robototexnikaga bo’lgan qiziqishini uyg‘otish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini olib bormoqda.

Yuqorida tilga olingan shaxmatchi Nafisa Mo‘minova esa birinchi o‘zbek ayol xalqaro grossmeysteridir.