General Motors konserni 2015-yil oxirigacha Yevropada Chevrolet markasi ostidagi avtomobillar sotuvini to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

chevrolet-logo-1517

Foto © chevrolet.com

Ma’lum bo‘lishicha, GM Chevrolet o‘rniga yevropaliklarga yaxshiroq tanish bo‘lgan Opel va Vauxhall brendlarini targ‘ib qiladi. Chevrolet’ning Rossiya va MDH mamlakatlaridagi savdosi davom etadi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Yevropada sotilgan Chevrolet avtomobillarining ko‘pchiligi Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan.

Savdo strategiyasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar GMga 700 milliondan 1 milliard dollargacha qiymatga tushishi kutilmoqda. Kompaniya Chevrolet sotuvini to‘xtatish haqida dilerlar bilan yakkama-yakka muzokaralar olib borishni rejalashtirgan. Ayni paytda Yevropada jami 1900 Chevrolet sotuvchilari faoliyat yuritadi.

Kompaniya bergan ma’lumotga ko‘ra, Yevropa Chevrolet eng ko‘p sotiladigan bozorlar beshtaligiga kirmaydi. Bu borada u AQSh, Xitoy, Braziliya, Rossiya va Meksikadan ortda qoladi.

Chevrolet markasiga 1911-yilda asos solingan. U GM tomonidan Yevropa bozoriga 2005-yilda kiritilgan.