Farg‘ona viloyatida 2013-yilda to‘rt yuzdan ziyod loyiha hayotga tatbiq etilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi, deya xabar beradi O‘zA.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Birgina Marg‘ilon shahrining o‘zida yengil sanoat, charm-poyabzal, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha 38 loyiha amalga oshirilib, 667 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishidagi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 12 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi.

Shuningdek, faoliyat ko‘rsatmayotgan va bankrotlik holatidagi korxonalarga investitsiya kiritish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, “Nyu lend teks” qo‘shma korxonasi bir necha yil avval faoliyatini to‘xtatgan edi. 2013—2015-yillarda shahar sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturiga muvofiq, “Narm teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kiritilgan 150 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga bu korxona Obod turmush yilida qayta ish boshladi. Zamonaviy tikuv mashinalari va dastgohlar keltirilib, 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

“Alohida go‘sht mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatini modernizatsiya qilish uchun qariyb 120 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi va yiliga 250 tonna go‘shtni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, yuqoridagi dasturga ko‘ra, “Ekspo kollor prin teks” xususiy korxonasida 5,5 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya o‘zlashtirilmoqda. Yaqin kunlarda ishga tushirilishi mo‘ljallangan yangi korxonada ayni paytda zamonaviy dastgohlarni o‘rnatish, binoni ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Bu borada amalga oshirilgan bunday salmoqli ishlar samarasida 2013-yilda 14 mahalliy ishlab chiqaruvchi va 5 yengil sanoat korxonasi o‘z mahsulotlarini eksportga chiqara boshladi. Joriy yilda bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish rejalashtirilgan.