O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z qarori bilan Vakolatli banklarda jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda norma.uz sayti xabar bergan.

Foto: Wikia.com

Foto: Wikia.com

O‘zgartirishlarga ko‘ra, endi valyuta ayirboshlash shoxobchalari xorijiy valyutani sotib olish chog‘ida, agar operatsiya summasi eng kam oylik ish haqi (EKOIH)ning 100 barobariga teng yoki undan ortiq bo‘lsa, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni talab qilishga haqli (avval hujjat EKOIHning 1000 barobariga teng holatlarda talab etilar edi).

Tegishlicha, jismoniy shaxslardan 100 yoki undan ortiq EKOIH ekvivalentidagi valyutani sotib olish chog‘ida valyuta ayirboshlash shoxobchalari, operatsiyani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlardan tashqari, elektron tizimga operatsiya hajmi haqidagi ma’lumotlarni ham kiritishlari lozim bo‘ladi.

Shikastlangan xorijiy valyutani xuddi shu turdagi shikastlanmagan xorijiy valyutaga almashtirishda, yirik qiymatdagi xorijiy valyutani xuddi shunday mayda xorijiy valyutaga almashtirishda, naqd xorijiy valyutani boshqa bir davlatning naqd valyutasiga almashtirishda ham, agar operatsiya summasi 25 EKOIH ekvivalentiga teng yoki undan yuqori bo‘lsa, jismoniy shaxslar o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishlari talab etiladi (avval 100 EKOIH edi).

Markaziy bankning yana bir qaroriga ko‘ra, vakolatli banklarning konversion operatsiyalar bo‘limlari va valyuta ayirboshlash shoxobchalari xodimlariga qo‘yiladigan malakaviy talablar, ularni ishga qabul qilish va almashtirish Reglamentiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi.

Hujjatga ko‘ra, vakolatli banklar o‘z xodimlarining malakasini oshirib borish uchun kamida yiliga bir marta o‘quv kurslari tashkil etishlari lozim.

Shuningdek, bittagina valyuta ayirboshlash shoxobchasiga ega bo‘lgan vakolatli banklar filiallari mazkur shoxobchaning xodimlarini ayni shu filialning Reglament talablariga javob beruvchi kassirlari bilan o‘rin almashtirishlari mumkinligi ham belgilab qo‘yildi.