GM Uzbekistan YoAJ tomonidan shu yil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan Chevrolet Orlando’ning texnik tavsifi (xarakteristikalari) e’lon qilindi. Texnik xarakteristikalari Autocenter.uz saytining Facebook sahifasiga joylandi.

Chevrolet Orlando texnik tavisfi. Foto: https://www.facebook.com/pages/Autocenteruz/268694873263445

Chevrolet Orlando texnik tavisfi. Foto: https://www.facebook.com/pages/Autocenteruz/268694873263445

Unga ko‘ra, yangi avtomobilning uzunligi 4652, kengligi 1836, bo‘yi esa 1633 santimetrga teng. O‘lchamlari bo‘yicha u Captiva'dan kichikroq.

Orlando’ning dvigateli ishchi hajmi 1,796 litrni tashkil etadi, quvvati esa 141 ot kuchiga teng. U 100 kilometr masofaga 7,9 litr yonilg‘i sarflaydi.

Avtomobilning tinch turgan joyidan tezligini 100 km/soatga yetkazish vaqti 11,8 soniyani tashkil etadi. Bunday tezlik Cobalt'ning avtomat uzatmali ko‘rinishi tezligiga teng, deya ta’kidlamoqda Facbook foydalanuvchisi. Orlando'ning maksimal tezligi esa 185 km/soatga teng.

Saytda va uning Facebook sahifasida Chevrolet Orlando narxi haqida ma’lumot berilmagan, ammo Facebook foydalanuvchilari bu borada o‘z taxminlarini yozib, fikr bildirib borishmoqda. Kimdir uning narxi taxminan 24—25 ming AQSh dollari bo‘lishini, yana birov esa 75—80 million so‘m bo‘lishini taxmin qilgan. Uning old ko‘rinishini Chevrolet Cobalt’ga o‘xshatganlar ham bor.

Autocenter.uz sahifasida Orlando'ning qanday komplektatsiyalarda ishlab chiqarilishi haqida xabar berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur miniven haqidagi ilk ma’lumotlar o‘tgan yilning 7-noyabrida paydo bo‘lgandi. 26-noyabr kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan birga Toshkent shahridagi GM Powertrain Uzbekistan zavodiga tashrif buyurgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovda Chevrolet Orlando katta taassurot qoldirgani, 2014-yilning birinchi choragidan mazkur minivenni keng ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlangan edi. Ammo keyinroq GM Uzbekistan’ning ishonch telefoni operatori O‘zbekistonda Chevrolet Orlando avtomobili ishlab chiqarilishini tasdiqlamagandi. Joriy yilning 3-yanvarida esa mazkur avtomobil shu yil boshidan ishlab chiqarila boshlashi rasman tasdiqlandi.