Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan, yurtimizda chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rik va sinovdan o‘tkazish boshlandi. Mazkur ishlarning ko‘ngildagidek tashkillashtirilishi uchun joylarda yetarlicha sharoitlar yaratib berilmoqda, deb yozadi O‘zA. Masalan, Sirdaryo viloyati Boyovut tumani mudofaa ishlari bo‘limi binosi to‘liq rekonstruktsiya qilindi. 836 million so‘m mablag‘ evaziga mazkur bino zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Foto: sirdaryo.uz

Foto: sirdaryo.uz

Sirdaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor To‘xtayevning ta’kidlashicha, zamonaviy tarzda jihozlangan mazkur chaqiruv punkti milliy armiyamizning kuch-qudrati va salohiyatini aks ettirishiga ham e’tibor qaratilgan.

Yangicha qiyofadagi chaqiruv punktida o‘n beshdan ortiq tibbiy ko‘rik va mashg‘ulotlar xonasi, Ma’naviyat va ma’rifat xonasi mavjud. Undagi turli stendlar va ko‘rgazmali materiallar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shadi.