Poytaxtimizda joriy yilning 18-aprel kuni Ikkinchi milliy palov festivali – “Pilaf Fest” bo‘lib o‘tadi. U “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi hamkorligida tashkil etilayotgan “Hordiq dunyosi” Xalqaro o‘zbek sayyohlik ko‘rgazmasi doirasidagi eng e’tiborli tadbirlardan biridir. Bu xususda, “O‘zbekturizm” MK matbuot xizmatiga tayangan holda, Gazeta.uz xabar bermoqda.

Foto: povar.ru

Foto: povar.ru

Birinchi Palov festivali 2013-yilning 18—19-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan. U mutaxassislar, professional va havaskor oshpazlar, shuningdek, poytaxt aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Festivalda mamlakatimizning barcha hududlariga xos har xil palov turlari taqdim etilgan, har kim o‘zi istagan palov turidan bahra olish imkoni yaratilgandi.

Navbatdagi festivalda palovning har xil: an’anaviy, toshkentcha, andijoncha, farg‘onacha, samarqandcha turlari, choyxona oshi, to‘y oshi, shuningdek, milliy taomimiz bilan birga dasturxonga tortiladigan har xil salatlar taqdim etiladi. Palovlarni har bir hudud vakili bo‘lgan professional oshpazlar ochiq olov yordamida, katta doshqozonlarda damlashadi.

Shuningdek, festival mehmonlari eng yaxshi bosh oshpazlar uyushtiradigan master-klasslarda ishtirok etib, palov damlashning nozik sirlarini, yangi palov retseptlarini o‘rganishlari mumkin. An’anaviy kuylar ijrochilari va raqs jamoalari tadbirga bayramona ruh bag‘ishlab turishadi.

Festival doirasida turli nominatsiyalar bo‘yicha oshpazlar tanlovlari ham o‘tkaziladi. “Eng yaxshi oshpaz”, “Eng yaxshi dasturxon”, “Unutilgan retseptlar”, “Milliy o‘ziga xoslik”, “An’analardagi yangilik”, “Mehmonlar e’tirofi” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga mukofot va sertifikatlar topshiriladi.