Shifokorlik insonning eng muhim boyligi – sog‘liq bilan bog‘liqligi, o‘ta mas’uliyatli va o‘z o‘rnida sharafli ekanligi bilan boshqa kasblardan ajralib turadi. Ozodbek Yulbarsov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) shu mas’uliyatli kasbni tanlagan bo‘lsa-da, bemorning dardiga emas, o‘z nafsining amriga quloq tutadiganlar xilidan chiqib qoldi.

Ozodbek Yulbarsov 2001-yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) toksikologiya bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlangach, o‘z xizmat vazifasiga kiradigan ishni bajarish yoki xizmat ko‘rsatish evaziga tovlamachilik yo‘li bilan haq talab qiladigan odat chiqardi. Jumladan, shifoxonaga murojaat qilgan bemor M. Abdug‘aniyeva bilan suhbatda 10 kunlik davolanish muddati uchun kuniga 300 AQSh dollaridan, jami 3000 AQSh dollari miqdorida “xizmat haqi”ni undan talab qilib oldi.

2013-yilning 1-fevral kuni M. Abdug‘aniyeva RShTYoIM toksikologiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib kelindi. Buni eshitgan Ozodbek darhol bemorni o‘z bo‘limiga qabul qildi, ammo umumiy palataga joylashtirdi. Bundan ajablangan bemorning singlisi Manzura Go‘zalova bo‘lim mudiriga uchrashib, opasini yaxshiroq palataga ko‘chirish kerakligini aytganida Yulbarsov barmog‘i bilan “bir” ishorasini qildi. Buni “100 ming so‘m” deb tushungan Manzura, shifokorning “100 dollar yoki 300 ming so‘m bo‘ladi”, degan gapidan keyin o‘ylanib qoldi. Buncha pulni topa olishmagach, bemorning o‘zi qiziga qo‘ng‘iroq qildi va undan olgan 50 AQSh dollarini bo‘lim mudiriga yetkazdi. Shundan so‘ng Yulbarsov uni boshqa palataga o‘tkazdi, ammo pulning qolgan yarmini talab qilaverib, holi-joniga qo‘ymadi. Bundan bezigan M. Abdug‘aniyeva huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat etishga majbur bo‘ldi.

Bu holat yuzasidan 2013-yilning 4-fevral kuni Soliq va valyutaga oid jinoyatlar, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash (VOJJDLQK) departamentining Chilonzor tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tekshirish o‘tkazildi. Shunda Ozodbek Yulbarsovning yana bir “hunar”i oshkor bo‘ldi. Uning Lacetti rusumli avtomashinasida toksikologiya bo‘limida davolanayotgan bemorlarga mo‘ljallangan 62 turdagi dori-darmon vositalari topildi. Bo‘lim mudiri qiymati 800 ming so‘mdan oshiq bo‘lgan bu dorilarni sotish maqsadida o‘z mashinasida olib yurganligi ma’lum bo‘ldi.

Oq xalatini oqlay olmagan shifokorga jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.