Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston spotchilarini 2016-yil Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya hamda XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Respublika taekvondo assotsiatsiyasi 60 nafar sportchilarni saraladi, deb xabar berdi “UzReport” agentligi.
Saralash bosqichlarida sportchilar 15 murabbiy kuzatuvi ostida yugurish, yakkama-yakka kurash bo‘yicha normativlar topshirdi. Shuningdek, umumiy jismoniy tayyorgarliklarini namoyish etdi.
Saralash natijalariga ko‘ra, eng yaxshi 17 taekvondochi tanlab olindi. Ulardan yettitasi mamlakat terma jamoasi tarkibida xalqaro chempionat va turnirlarda qatnashgan.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni assotsiatsiyaning sport majmuasida olib boradi. Tayyorgarlik jarayonlari haftada olti kun, kuniga uch martadan o‘tkaziladi. Jismoniy, texnik, taktik mashg‘ulotlardan tashqari, ruhan tayyorgarliklar ham olib boriladi.
Shuningdek, joriy yilning mart oyida Xitoyning Taypey shahrida taekvondo bo‘yicha butunjahon saralash turniri tashkil etiladi. Unda 8 nafar o‘zbek taekvondochilar boshqa mamlakatlar vakillari bilan II o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritish bo‘lish uchun kurashadilar.
Bundan tashqari, shu yilning aprel oyida Toshkentda sportning ushbu turi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.