O‘zbekiston hukumati Rossiya va Ukrainadan import qilinadigan avtomobillar uchun aksiz solig‘ini pasaytirdi. Shu bilan birga, bu mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yangi mashinalarni sotib olish va vaqtincha olib kirishda Respublika yo‘l jamg‘armasi uchun yig‘im joriy etdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.

Foto: vsluh.ru

Foto: vsluh.ru

Aksiz solig‘ining yangi stavkalari Prezidentimizning 2013-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2014 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilgan.

Hujjatga ko‘ra, Rossiya va Ukrainada ishlab chiqarilgan yangi mashinalarni (maxsus tibbiyot maqsadlariga mo‘ljallanganlaridan tashqari) olib kirishdagi aksiz solig‘i joriy yilning 1-yanvaridan boshlab avtomobil bojxona qiymatining 2 foizini tashkil etadi. 2013-yilda esa mazkur ko‘rsatkich 5 foizga teng edi.

Shuningdek, RF va Ukrainada ishlab chiqarilgan hamda O‘zbekiston hududidagi ixtisoslashtirilgan savdo tarmog‘i orqali sotib olingan avtomobillardan Respublika yo‘l jamg‘armasi uchun olinadigan yig‘imning eng kam stavkasi avtomobil narxining 3 foizi miqdorida belgilab qo‘yildi. Yo‘l yig‘imining olinishi 2014-yil 1-apreldan boshlab amalga oshiriladi.