O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-22) tarixda ilk bor tashkil etilayotgan Osiyo chempionatida ishtirok etadi. Chempionat 11—26-yanvar kunlari Ummonda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston yoshlar U-22 terma jamoasi tarkibi:

  • Darvozabonlar: Asilbek Omonov, Akmal Tursunboyev, Abdumavlon Abdujalilov (hammasi “Paxtakor”dan).
  • Himoyachilar: Tohir Shamshitdinov, Maksimilian Fomin, Yegor Krimets, Akbar Ismatullayev, Vladimir Kozak, Davron Hoshimov, barchasi “Paxtakor”dan, Boburbek Yo‘ldoshev, Sardor Rahmonov (ikkisi “Lokomotiv”dan), Javlon Mirabdullayev (“Bunyodkor”).
  • Yarim himoyachilar: Abbosbek Maxstaliyev, Muhsinjon Ubaydullayev, Jamshid Iskandarov (hammasi “Paxtakor”dan), Sardor Rashidov, Sardor Sobirxo‘jayev, Dilshod Jo‘rayev (uchalasi “Bunyodkor”dan), Diyorjon Turopov (“Olmaliq”), Sardor Mirzayev (“Lokomotiv”).
  • Hujumchilar triosi: Igor Sergeyev, Temurxo‘ja Abduxoliqov va Abdulaziz Yusupov “Paxtakor” jamoasidan taklif etilgan.
  • Bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, katta murabbiy — Aleksey Yevstafeyev, jamoa menejeri — Ramil Ilyasov, delegatsiya rahbari — Asqar Tolibjonov.

Asilbek Omonov: Muxlislarimizga 20 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi 2013-yil jahon chempionati orqali ozmi-ko‘pmi tanilib ulgurgan Asilbek “Paxtakor” yoshlar jamoasining yoshlar jamoasi tarkibida yanada tajribasini oshirdi va aynan u terma jamoamizning asosiy posboni bo‘lsa ajab emas.

Yegor Krimets: Bu markaziy himoyachi o‘zining ishonchli o‘yini evaziga nafaqat yoshlar jamoalarida, balki mamlakatimizning milliy terma jamoasi safida ham o‘z debyutini o‘tkazib ulgurdi.

Davron Hoshimov: Bu futbolchi ham “Paxtakor” safidan alohida o‘rin egallay oldi. Asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lishidan tashqari, u mavsumning turli xil ramziy termalariga ham kiritildi.

Sardor Rahmonov: Yosh bo‘lishiga qaramay, ushbu “Lokomotiv” futbolchisi bugungi kunga kelib asosiy jamoa tarkibida ham maydonga tushib kelmoqda. O‘zbek futboli muxlislarining undan umidi katta.

Vladimir Kozak, Abbosbek Maxstaliyev, Jamshid Iskandarov, Sardor Rashidov, Igor Sergeyev va Temurxo‘ja Abduxoliqov ham milliy terma jamoa libosida maydonga tushishga ulgurishgan.

Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Maqsudov shogirdlari Iroq, Xitoy va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olishgan. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi guruhdagi dastlabki uchrashuvni 12-yanvar kuni Xitoy termasiga qarshi o‘tkazadi.