Kanadalik Stiven Maklaflin o‘z rafiqasi bilan maslahatlashgan holda, tug‘ilajak qiziga ism tanlash uchun internetda yangi sayt ochdi, deb yozadi The Daily Telegraph. Ovoz berish Namemydaughter.com saytida amalga oshiriladi, bunda har bir tashrif buyuruvchi biror ism varianti uchun bir sutkada bir marta ovoz bera oladi.

Foto: belport.by

Foto: belport.by

Saytda yozilishicha, so‘nggi qarorni baribir shu yilning 2-aprelida tug‘ilajak qizaloqning ota-onasi chiqaradi. Stiven buni internetdagilar ism sifatida biror kulgili yoki hatto haqoratli ism tanlashlari mumkinligi bilan izohlagan.

Ismlar tanloviga kelsak, bundan bir necha soat avval unda salkam sakkiz mingta ovoz bilan Ameliya ismi yetakchilik qilayotgandi. Ikkinchi ism tanlovida esa Oll-Spark (All-Spark, ya’ni: Hammasi Charog‘on) varianti oldinda. Keyinroq Ktulxu (yozuvchi Govard Lavkraft tomonidan o‘ylab chiqarilgan ma’buda) ismi 9500 dan ortiq ovoz bilan yetakchilikni qo‘lga oldi, ikkinchi ism borasida esa Oll-Spark birinchi o‘rinni tark etmayapti.

Stiven va uning rafiqasi o‘z farzandiga ism tanlash uchun internetga murojaat etgan birinchi kanadalik juftlik emas. 2010-yili Rommi Alpinelli va uning turmush o‘rtog‘i FabFind sayti foydalanuvchilariga murojaat qilib, qizlariga ism topib berishni so‘rashgan va o‘shanda 1300 ga yaqin ism taklif etilgan. O’sha yilning o‘zida Facebook foydalanuvchilari chaqaloqqa Megatron (“Transformerlar” filmi salbiy qahramoni) deb ism qo‘yish borasida ham bahslashgan edilar.