Meksikada to‘tiqush o‘z xo‘jayinining ichib olganligini yo‘l politsiyachilariga aytib berdi. Bu voqea Mexiko-Sitidagi nazorat-o‘tish punktida sodir bo‘ldi, deb xabar beradi El Universal.

Foto: gotowall.com

Foto: gotowall.com

Nazorat punktigacha bemalol rulni boshqarib kelgan 49 yoshli Gilyermo ismli bu kishining mastligi bilinmas edi. Yo‘l politsiyachisi mashinaga qarayotganida, uning salonidan kimdir: “U mast! U mast!” deya baqirdi. Huquq-tartibot organi xodimlari avvaliga avtomobilda haydovchidan tashqari yana kimdir bor, deb o‘ylashdi va salonni ko‘zdan kechirishdi. Shundagina bu ovoz sohibi yashil tusli to‘tiqush ekanligini ko‘rishdi.

To‘tiqushning bu ogohlantirishidan keyin shubhalangan politsiyachilar Gilyermoni ko‘rikdan o‘tkazishdi va uning mastligi tasdiqlandi. Shu tariqa haydovchi politsiya uchastkasiga olib ketildi, to‘tiqushni esa hayvonlarni himoya qilish idorasi xodimlariga topshirishdi. Keyinroq Gilyermo, to‘tiqushi unga qattiq o‘rganib qolganligi, usiz o‘lib qolishi mumkinligini aytgach, qushni qaytarib berishdi.

Mast holatda mashina haydagani uchun unga qanday jazo berilishi ma’lum qilinmagan.

Ba’zida to‘tiqushlar turli huquqbuzarliklarni fosh etishadi yoki oldini olishadi. Masalan, 2013-yilning yozida Floridada bir uyga o‘g‘ri tushganida, to‘tiqush baland ovozda baqirib, o‘g‘irlikning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymagan.