Surxondaryo viloyatidagi “Amu-Zang” mashina kanali tizimining rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Mazkur loyihaning buyurtmachisi bo‘lgan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining vakili “RIA Novosti”ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu ishlarga 112,6 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu haqda UzDaily.uz xabar qilgan.

Foto: Wikipedia / Jeff Vanuga

Foto: Wikipedia / Jeff Vanuga

1973-yilda barpo etilgan “Amu-Zang” sug‘orish tizimi Amudaryodan suv oluvchi uchta asosiy nasos stansiyasini o‘z ichiga oladi. 2005-yilda modernizatsiya ishlari boshlanguniga qadar kanal uskunalarining 80 foizi texnik reabilitatsiyaga muhtoj holga kelgan edi. Tizimni modernizatsiya qilish orqali esa 300 ming gektar maydondagi yerni suv bilan muntazam ta’minlashga erishildi.

Loyiha uchta nasos stansiyasini, tozalovchi inshootlar va sug‘orish-drenaj tarmoqlarini modernizatsiyalash, agroservis markazlarini yaratish, shunngdek, viloyatdagi yettita tumanda suvdan foydalanishni nazorat qiluvchi uskunalar sotib olishni ko‘zda tutgan edi. Bunda texnologik uskunalarni asosan Yaponiyaning  Kubota Corp va Xitoyning CNTIC kompaniyalari yetkazib berdi.

Loyihaning moliyalashtirilishi Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 2003-yilda O‘zbekiston hukumatiga ajratilgan 73,5 million AQSh dollari miqdoridagi krediti hamda mahalliy mablag‘lar evaziga amalga oshirildi.