Kompyuter va internet texnologiyalari rivojlanib borayotgan bugungi kunimizda bu yutuqlardan yoshlarimiz to‘g‘ri foydalanishi o‘ta muhimdir. O‘zAning yozishicha, Farg‘ona viloyatida bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Onda-sonda uchrayotgan noxush holatlar esa zudlik bilan bartaraf etilib, qaytarilmasligi uchun choralar ko‘rilmoqda.

Foto: pcadvisor.co.uk

Foto: pcadvisor.co.uk

Ma’naviyat targ‘ibot markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Fayzullo Zohidovning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda tegishli litsenziyaga ega 90 ta internet-kafe bo‘lib, yigirmadan ziyodi Farg‘ona shahrida joylashgan. Ko‘pchilik yoshlar internetga tanishuv, tarmoq o‘yinlarini o‘ynash uchun ham kirmoqda.

O‘zA xabarida ta’kidlanishicha, farg‘onalik 25 yoshli Baxtiyor Ernazarov hali uylanmagan, vaqtincha ishsiz. U pul topish maqsadida xorijga borib, u yerda netbuk sotib olgan. O‘sha yerda internetdan diniy-ekstremistik mazmundagi adabiyotlarni ko‘chirib olib, muntazam ravishda tinglab kelgan. Baxtiyorning plansheti va uyali telefoni ham shunday materiallarga to‘la edi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bu yot g‘oyalarning yurtimizga kirishiga yo‘l qo‘yishmadi.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining asab kasalliklari bo‘limi mudiri Asliddin Polvonovning ta’kidlashicha, zo‘ravonlik va fahsh aks etgan kompyuter o‘yinlari ham yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.