Germaniyalik Gyunter Settl bundan 44 yil avval radiostansiya tomonidan o‘tkazilgan viktorinada g‘olib bo‘lgan edi. Ammo bu yutug‘i uchun sovrinni bir necha kun avval oldi, deya xabar beradi novosti-n.mk.ua. Bu sovrin – 1969-yilda o‘sha tanlovni olib borgan suxandon shaxsiy kolleksiyasiga mansub bo‘lgan plastinka edi.

Foto: novosti-n.mk.ua

Foto: novosti-n.mk.ua

O‘zining gapirib berishicha, Settl o‘sha vaqtda Germaniya Demokratik Respublikasida yashasa-da, Germaniya Federativ Respublikasi radiosi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etgan. Garchi qonunga xilof bo‘lsa-da, o‘n sakkiz yashar yigit o‘ziga yoqqan g‘arbiy Germaniya radiosini tinglardi. Bir safar Gyunter viktorinada qatnashib, tarona yangray boshlashi bilan uning nomi va ijrochisini topdi. Bu uning sevimli guruhi The Creation kuylagan Painter Man qo‘shig‘i edi. Settl o‘shanda hech ikkilanmay, to‘g‘ri javobi yozilgan otkritkani radioga, G‘arbiy Germaniyaga yubordi.

Ammo bu noma o‘z manziliga yetib bormadi – GDR Davlat xavfsizligi vazirligi (“Shtazi”) otkritkani chegaradan o‘tkazmay, ushlab qoldi. Radioda Settlni g‘olib deb e’lon qilishmagach, u o‘sha otkritkani unutib yubordi.

Keyinchalik Gyunter Settl GFRga ko‘chib o‘tdi. Germaniyaning birlashuvidan so‘ng esa bir do‘stining maslahati bilan, o‘z shaxsiy jildini so‘rab, xavfsizlik xizmatiga murojaat etdi. O‘z hujjatlarini olgach, ular orasida radioga yuborilgan otkritka nusxasini topib oldi; uning asli arxivda saqlanayotganligi ma’lum bo‘ldi. Settl arxivdan o‘sha otkritkani olgach, haliyam faoliyat yuritayotgan radiostansiyaga murojaat qilib, bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdi. Shundan keyin viktorinadagi to‘g‘ri javobi uchun unga sovrin – The Creation guruhining Painter Man qo‘shig‘i tushirilgan plastinka topshirildi.