“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Xorazm viloyati bo‘limidan O‘zAga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, vohada turizmga katta e’tibor qaratilyapti. “2013-2015-yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi”ga asosan, mazkur muddatda 204 loyiha amalga oshiriladi. O‘tgan yilda ana shunday 100 dan ortiq loyihalarga 61,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Foto: dasturxon.com

Foto: dasturxon.com

Hozirda viloyatda 27 mehmonxona mavjud. Dasturga ko‘ra,  2015-yilga borib ular soni 57 taga yetkaziladi. Foydalanilmayotgan binolar negizida mahalliy tadbirkorlar tomonidan 200 o‘rinli mehmonxona tashkil etish ishlari ketmoqda.

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Xorazm viloyati bo‘limi boshqaruvchisi Odilbek Rahimovning ta’kidlashicha, viloyatdagi barcha madaniy meros obyektlarining yagona reesteri yaratilib, ularning joriy holati aks ettirilgan pasportlar tuzildi.

2013-yilning iyunida Ichan qal’a davlat muzeyi qo‘riqxonasi hududida “Xorazm madaniyati” festivali tashkil etilib, unda 300 dan ziyod xorijlik sayyoh qatnashdi. Festivalda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tashabbusi bilan ilk bor “Uzbekistan Travel Workshop-2013” turistik yarmarkasi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan baxshi shoirlar, oqinlar va xalfalarning respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. TOPREZA sayyohlik yarmarkasida (Fransiya) esa viloyat sayyohlik kompaniyalari bilan xorijlik hamkorlar o‘rtasida 50 dan ortiq shartnoma imzolandi.

Ichan qal’a majmuasi va Urganch xalqaro aeroportida sayyohlik axborot ofislarining muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi qoshidagi o‘quv-ilmiy ishlab chiqarish markazining viloyat filiali tashkil etildi; 2013-yili unda 20 nafar yoshlar gid, tarjimonlik kurslarida o‘qib, maxsus sertifikatlar olishdi.