17-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning 2013-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari ko‘rib chiqildi va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Bu haqda UzDaily nashri xabar bergan.

Foto: photokaravan.com

Foto: photokaravan.com

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning ta’kidlashicha, o‘tgan yili mamlakat yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8% ni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarishi hajmi 8,8%, qishloq xo‘jaligi 6,8%, chakana tovar aylanmasi hajmi 14,8%, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 14,3% va qurilish ishlari hajmi 16,6% ga o‘sdi.

2013-yil yakunlariga ko‘ra, ijobiy tashqi iqtisodiy saldo 1,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Eksportning o‘sishi esa 10,9% ni tashkil etdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24 foizdan oshgan, 2000-yilda esa bu ko‘rsatkich 14 foizga yaqin edi.

Xorijiy investitsiyalar hajmi uch milliard AQSh dollaridan oshdi, ularning 72 foizidan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. 2013-yilda Investitsiya dasturi doirasida ishlab chiqarish yo‘nalishida umumiy qiymati 2,7 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi 150 loyiha amalga oshirildi.

Avvalroq, O‘zbekiston Hukumati 2014-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1% ni tashkil etishini, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi – 8,3%, qishloq jo‘jalik mahsulotlari yetishtirilishi – 6% hamda sarmoyalar kiritilishi – 9,5% ga oshishini kutayotganligi xabar qilingan, — deb yozadi UzDaily.