Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-dekabrdagi farmoyishiga muvofiq 2013-yil 15-dekabrdan – 2014-yil 15-yanvargacha O‘zbekistonda Harakat xavfsizligi oyligi o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Mazkur tadbir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda ahamiyatlidir, deb yozadi O‘zA.

Foto: r31.tambov.gov.ru

Foto: r31.tambov.gov.ru

Ushbu oylik doirasida besh ming kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llari ko‘rikdan o‘tkazilib, kamchiliklar yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnoma va takliflar kiritildi. Mingga yaqin yo‘l belgilari o‘rnatildi, to‘rt mingga yaqin eskirgan yo‘l belgilari yangilariga almashtirildi. Ko‘chalar, maydonlar va jamoat joylari, jamoat transporti salonlariga harakat xavfsizligiga oid 25 mingga yaqin reklama va shior o‘rnatildi. Jamoat joylarida, mahalla, korxona va tashkilotlarda keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borildi.

Shu muddat ichida yo‘l-transport hodisalari 2,1 foiz, halok bo‘lgan insonlar soni 18,2 foiz va tan jarohati olganlar 2,3 foiz kamayishiga erishilgani bu boradagi ishlarning natijasini ko‘rsatib turibdi, deb yozadi O‘zA.

Maxsus guruhlar tomonidan oylik davomida sakkiz mingga yaqin reyd o‘tkazilib, 142 387 qoidabuzarlik aniqlandi. Bular mehnat jamoalari va mahallalarda, ta’lim muassasalarida muhokama qilindi. Zero, e’tiborsizlik va qoidalarga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqayotgan ko‘ngilsiz holatlardan aholini, ayniqsa, bolalarni xabardor qilish ularning mas’uliyatini oshirishi shubhasiz.