17-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi. Unda mamlakatda iqtisodiyot va ijtimoiy hayot sohalarida o‘tgan yilda erishilgan yutuqlar raqamlarda ko‘rsatib berildi, deya xabar beradi  UzReport.

Foto: lensart.ru

Foto: lensart.ru

Jumladan, 2013-yilda 26 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini boshladi, ularning umumiy soni esa 190 mingtaga yetdi.

Jahon bozorlaridagi beqarorliklarga qaramay, O‘zbekistonda eksport 10,9 foizga oshdi. Xorijga chiqarilayotgan mahsulotlarning 18 foizi tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilganligi hamda barcha hududlarda uning filiallari ochilganligi tashqi bozorlarni zabt etishda yangi imkoniyatlar yaratib berdi. Prezident Qarori bilan tashkil etilgan ushbu Jamg‘arma qisqa muddat ichida jami 56 million AQSh dollari qiymatidagi 153 ta shartnoma tuzilishiga hissa qo‘shdi.

Mamlakatda 530 km umumiy foydalanish yo‘llari qurildi va rekonstruksiya qilindi, temir yo‘llarning katta qismi elektrlashtirildi.

2013-yilda mamlakatda 970 ming ish o‘rinlari yaratildi, ularning 60 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri keldi. O‘tgan yili qishloq joylarda o‘n mingta oila yangi qurilgan uylarga ko‘chib o‘tdi.

Yuzlab maktab, kollej, litsey, sport inshootlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. O‘quvchilarga birinchi sinfdanoq ingliz tilini o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shimcha tarzda ikki ming nafar xorijiy til o‘qituvchilari tayyorlandi va ularning soni 26 mingga yetdi.

2013-yilda oilaviy meditsina tizimiga o‘tish amalga oshirildi, bu esa sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Bu sohaga jalb etilgan mablag‘lar miqdori 2010-yildagiga nisbatan 3,8 baravar oshiq bo‘ldi.

O‘tgan yilda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdori 20,8 foizga, aholining real daromadlari esa – 16 foizga o‘sdi. Bugungi kunda o‘rtacha pensiya miqdori eng kam oylik ish haqidan 30 foizga yuqori. Shuningdek, har 100 ta xonadonga 41,4 ta avtomobil to‘g‘ri keladi, 2000-yilda bu ko‘rsatkich 20 tani tashkil etar edi.

Yuqoridagi raqamlardan ham ayon bo‘lyaptiki, O‘zbekistonda iqtisodiyoti barqaror tarzda o‘sishda va aholining turmush madaniyati oshishda davom etmoqda. Joriy yilda mazkur sohalardagi ishlarni yanada jadallashtirish yo‘nalishlari ham yig‘ilishda ta’kidlab o‘tildi. Yig‘ilish qarorida 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini ta’minlashga doir amaliy chora-tadbirlar belgilandi.