Mamlakatni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov elektron tijoratni rivojlantirishni jadallashtirishga chaqirdi. Bu haqda ICTNEWS xabar bermoqda.

Foto: lerablog.org

Foto: lerablog.org

Jumladan, mamlakat Rahbari bu borada shunday dedi:

Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi paytda mamlakatimizda 10 milliondan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgan bo‘lib, ularning qariyb 2 million 500 mingtasi onlayn kartochkalardir. Bugungi kunda telekommunikatsiya va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni Internet orqali to‘lash mumkin. Eng qisqa muddatlarda bu boradagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, ushbu sohani yanada rivojlantirish kerak.

Prezident Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga elektron tijoratni kengaytirishga doir takliflarni kiritish hamda 2004-yilda qabul qilingan va bugungi kun talablariga javob bermay qolgan “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlashni topshirdi.

Shu bilan birga, Islom Karimov tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun turli ruxsatnomalar berish muddatlarini yanada qisqartirish, ularning tartib-taomillarini soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik g‘ovlarni bartaraf etish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni jiddiy nazoratga olish shartligini ta’kidladi.

Bulardan tashqari, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini elektron shaklda taqdim etish, kommunal xizmatlar, shuningdek, soliq solish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlarni interaktiv shaklda ko‘rsatishga o‘tishni tezroq amalga oshirish zarurligiga ham ma’ruzada alohida urg‘u berildi.