Joriy yilda O‘zbekistonda MDH mamlakatlarida tengsiz bo‘lgan ko‘p tarmoqli maxsus bolalar shifoxonasi qurilishi boshlanadi. Bu haqda Perezident Islom Karimov 2014-yil 17-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan majlisdagi nutqida gapirib o‘tdi, deb yozadi UzDaily nashri.

Foto: photokaravan.com

Foto: photokaravan.com

“Shuni alohida qayd etish kerakki, biz 2014 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida o‘xshashi bo‘lmagan, xalqaro standartlar bo‘yicha eng yuqori, ya’ni to‘rtinchi darajali hisoblanadigan ko‘p tarmoqli maxsus bolalar shifoxonasini Koreya Respublikasi hukumatining 103 million dollar miqdoridagi mablag‘i hisobidan barpo etishni boshlaymiz”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Islom Karimovning ta’kidlashicha, bunyod etiladigan mazkur shifoxona 250 ta davolash o‘rniga va bir kecha-kunduzda 200 nafar bolani qabul qila oladigan poliklinikaga ega bo‘ladi.

Koreya Respublikasi bolalar shifoxonasi qurilishi uchun 2013-yilning dekabrida O‘zbekiston Hukumatiga 103 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit taqdim etgan. Kredit Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi (EDCF) mablag‘i hisobidan ajratiladi, deyiladi xabarda.