Dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan ijtimoiy tarmoq Facebook bo‘lsa, O‘zbekistonliklar unda tuzgan eng faol guruhlardan biri Potrebitel.Uz bo‘lsa kerak. Ishtirokchilari rus va o‘zbek tillarida muloqot yuritadigan bu guruhda asosan turli ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotlari, xizmatlar muhokama qilinadi, biror masala bo‘yicha guruhdoshlardan maslahatlar so‘raladi va hokazo. Shaxsiy masalalar bo‘yicha yordam yoki maslahat so‘rovchilar ham topiladi.

Foto: Facebook / Abdurakhmon Fazilov

Foto: Facebook / Abdurakhmon Fazilov

Masalan, 2014-yil 17-yanvar kechasi, soat 23:52 da Abdurahmon Fozilov ismli kishi o‘zini qiynayotgan muammo yuzasidan guruhdoshlarga murojaat etgan. Uning yozishicha, o‘sha kuni unga bolalar bog‘chasidan qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘ilchasi mix yutib borganligini aytishgan va tez yetib kelishini so‘rashgan.

U zudlik bilan yetib borib, farzandini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borib, rentgen tekshiruvidan o‘tkazgan. Shunda uch santimetrlik mix bolaning oshqozoniga yetib borgani ma’lum bo‘lgan. Shifokorlar unga: “Bolani uyingizga olib ketavering, uch kun kuting. Agar og‘riq sezsa, bizga olib keling. Har doimgiday yuraversin, faqat hojatga chiqqisi kelganida, tuvakka o‘tqizing, tabiiy yo‘l bilan chiqib ketishi kerak”, deyishgan.

Abdurahmon Fozilov shularni bayon etib, Potrebitel.Uz guruhi a’zolaridan maslahat so‘ragan. Guruh ishtirokchilari unga maslahatlar berishgan, ko‘nglini ko‘taruvchi gaplar aytishgan, shunga o‘xshash, o‘zlari boshlaridan kechirgan voqealarda qanday yo‘l tutishganini bayon etishgan.

Ertasiga – 18-yanvar kuni Abdurahmon Fozilov guruhdagi yangi postida barchaga minnatdorchilik bildirgan. Shu kuni ertalab soat oltida yana shifoxonaga borib, o‘g‘lini rentgenda tekshirtirganligini yozgan va suratlarini ham qo‘ygan. Ma’lum bo‘lishicha, mix oshqozondan chiqib, ichakdan ham o‘tib, to‘g‘ri ichakka yetib qolgan ekan. Shifokorlar: “Kechga borib “syurpriz” chiqishi kerak, bo‘lmasa, yana kelasizlar”, deyishgan.

Shu bilan birga, o‘g‘ilchasining sho‘xligini ta’kidlab, uni “Terminator rolidagi Jim Kerri”, deya ta’riflagan. O‘g‘li boradigan bog‘cha juda yaxshi ekanligigayam urg‘u bergan.

Foto: Facebook / Abdurakhmon Fazilov

Foto: Facebook / Abdurakhmon Fazilov

Nihoyat, o‘sha kuni, kech soat 22:09 da Abdurahmon Fozilov “СУЮНЧИИИИИИИИИ всем спасибо за вашу Поддержку”, deya yangi post yozib, o‘g‘ilchasining boshqa bir surati bilan joylagan. “Syurpriz” chiqqanidan xursandligini bildirgan va qo‘llab-quvvatlab turganlari uchun Potrebitel.Uz ishtirokchilariga minnatdorchilik izhor etgan.

Skrishot: “Daryo”

Skrishot: “Daryo”

Fozilovning 1-postiga 133 ta, ikkinchisiga 39 ta va uchinchi postiga 64 ta izoh yozilganligini (19-yanvar soat 16:15 vaqtiga ko‘ra) inobatga olsak, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, xususan, mazkur guruh ishtirokchilari bir-birlarini qanchalik qo‘llab-quvvatlab turishlarini anglash qiyin emas.

Eslatib o‘tamiz, 13-yanvar kuni aynan Facebook foydalanuvchilari targ‘iboti sababli  Toshkentdagi kafe mijozlari bir kunda 8000 dollar xayriya qilishgan edi.