2006-yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati bahslariga O‘zbekistondan velosipedda borgan marg‘ilonlik Akram Ma’rufjonov Braziliyaga ham boradi. Mashhur velosipedchining rejalari haqida “Kun” nashri O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayevga asoslanib xabar berdi.

Akram Ma’rufjonov Oliver Kan bilan. Foto: “Kun” / Twitter / @sanjarrizayev

Akram Ma’rufjonov Oliver Kan bilan. Foto: “Kun” / Twitter / @sanjarrizayev

Xabar berishlaricha, Ma’rufjonov O’FF matbuot xizmati mehmoni bo‘lgan va Braziliyadagi jahon chempionati bahslariga velosipedda borish rejalari bilan o‘rtoqlashgan. Marg‘ilonlik 60 yoshdan oshgan velosipedchi bungacha Germaniyada tashkil etilgan futbol bo‘yicha 2006 yilgi jahon chempionati bahslariga ham velosipedda borgan edi. Velosipedchi Atlantika okeanini qanday kesib o‘tishiga aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, 2008 yili Ma’rufjonov Germaniya terma jamoasi va Myunxenning “Bavariya” klubi sobiq darvozaboni Oliver Kanning xayrlashuv uchrashuvida ishtirok etib, unga zarbof to‘n va do‘ppi kiydirgan, nevarasi uchun esa Kanning dastxati tushirilgan klub libosini esdalik sifatida qabul qilgan.

Futbol bo‘yicha 2014 yilgi jahon chempionati bahslari 12 iyun—13 iyul kunlari Braziliyaning 12 shahrida bo‘lib o‘tadi.