Mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutgan ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoiti tobora yaxshilanib bormoqda. Ammo bu borada kamchiliklar ham mavjudligini Islom Karimov 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida ta’kidlab o‘tdi, deya xabar qiladi Gazeta.uz.

Foto: lensart.ru

Foto: lensart.ru

Prezident o‘z ma’ruzasida, avval mazkur yo‘nalishdagi yutuqlarni keltirar ekan, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik g‘ovlarni bartaraf etishga chaqirdi. Mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitining bugungi holati erkin bozor iqtisodiyotining talab va prinsiplari, umumiy xalqaro normalarga to‘liq javob bermasligini e’tirof etdi.

Islom Karimov, jumladan, tadbirkorlar qishloq joylarda energiya ta’minotining beqarorligi, ishlab chiqarish va yo‘l infratuzilmasining kerakli darajada rivojlanmagani, tekshiruvlar ko‘pligi, shuningdek, joylarda ijro intizomining nisbatan pastligi kabi muammolarga hanuz duch kelayotganliklarini ta’kidladi.

“Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun turli ruxsatnomalar berish muddatlarini yanada qisqartirish, ularning tartib-taomillarini soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik g‘ovlarni bartaraf etish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni jiddiy nazoratga olishimiz shart”, – deb o‘ta muhim masalaga yana bir bor e’tibor qaratdi Prezident.

Litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini elektron shaklda taqdim etish, kommunal xizmatlar, shuningdek, soliq solish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlarni interfaol shaklda ko‘rsatishga o‘tishni tezroq amalga oshirish zarur, deb qo‘shimcha qildi davlat Rahbari.