2013-yil yakunlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisida Prezident Islom Karimov 2009-yildan boshlab yurtimizning 159 ta qishloq tumanlarida namunali loyihalar bo‘yicha 900 dan ortiq yangi uy-joy massivlari yaratilganini ta’kidladi. Bu haqda UzReport xabar berdi.

Foto: mahallafond.uz

Foto: mahallafond.uz

So‘nggi besh yil ichida umumiy maydoni 4,5 million kvadrat metrni tashkil etadigan 33,5 mingdan ortiq yakka tartibdagi uy-joy aholiga topshirildi; 732 kilometr asfalt qilingan avtomobil yo‘llari, 1000 dan ortiq ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari qurildi.

2013-yilda qishloqlardagi 353 massivda umumiy maydoni 1,5 million kvadrat metrga teng 10 000 ta uy-joylar barpo etildi. Ushbu ko‘rsatkich 2012-yilga nisbatan 17 foizga ko‘p. Mazkur maqsadlar uchun deyarli 650 million dollar hisobida mablag‘ yo‘naltirildi. Undan 106 million dollari Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘laridir.

Prezident rejalar haqida so‘z yuritib, 2014-yilda 388 ta massivda umumiy maydoni 1,5 million kvadrat metr bo‘lgan 11 mingta namunaviy uy-joy barpo etish nazarda tutilayotganini ta’kidladi.