O‘tkazilgan texnik audit natijalariga ko‘ra, ma’lum bo‘lishicha, real sektorning 500 dan ortiq korxonadagi 160 000 dan ortiq ishlab chiqarish uskunalarining 30 foizidan ortig‘i eskirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida ta’kidladi, deb xabar berdi UzReport.

Foto: Wikimedia / Zolo

Foto: Wikimedia / Zolo

Qayd etilishicha, 2009–2013-yillar davomida tijorat banklari hisobiga 172 ta norentabel korxonalar o‘tkazilgan. Ularning 112 tasida ishlab chiqarish faoliyati tiklandi va yangi mulkdorlarga topshirildi. Banklar balansida qolgan 43 ta korxonada ishlab chiqarish faoliyati qayta tiklandi. Qolgan 17 tasida esa ishlab chiqarishni tiklash ishlari olib borilmoqda.

Bu korxonalarda ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklash va modernizatsiya qilishga 316 milliard so‘m investitsiya qaratilgan. Natijada 9 ming ish o‘rinlari yaratilgan.

Shu bilan birga hozirda 140 dan ortiq korxona foyda keltirmaydi. Shulardan 67 tasi yirik, 10 tasi esa sanoat, qishloq xo‘jalik mashinasozligi, kimyo, elektrotexnika va farmatsevtika sanoati sohalarida faoliyat yuritadi.

Kommunal sohada 26 ta, yo‘l qurilishi sohasida 13 ta norentabel korxonalar borligi tashvishli holdir.

“Ushbu amalga oshirilgan chora-tadbirlar ta’sir qilmagan korxonalarni xususiy jismoniy shaxslarga tekinga berish kerak. Bugungi kunda davlat korxonalariga nisbatan xususiy korxonalar sezilarli darajada samarali ishlashi uchun isbot zarur emas”, – deya ta’kidladi Prezident.