O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston mashinasozlik korxonalari tomonidan jami 12,079 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu esa 2012-yildagiga nisbatan 21,1 foizga ko‘pdir, deb yozadi UzDaily.uz.

Foto: nytimes.com

Foto: nytimes.com

Mazkur davrda respublika sanoat ishlab chiqarishida ushbu sohaning hissasi 19,8% ga yetdi, bu esa o‘tgan yilgiga (17,5%) nisbatan 2,3 foiz punktiga yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘tgan yili 251 342 dona avtomobil ishlab chiqarildi va bu ko‘rsatkich 2012-yildagiga nisbatan 4,8 foizga oshdi; shu jumladan, yuk avtomobillari ishlab chiqarish 36,9 foizga, yengil (ixtisoslashtirilgan mashinalardan tashqari) avtombillar ishlab chiqarish 4,5 foizga, avtobuslar ishlab chiqarish esa 3,3 foizga oshgani qayd etilgan.

Shuningdek, 2013-yilda qishloq xo‘jalik texnikasi ishlab chiqarish ham avvalgi yilgiga nisbatan o‘sgan: traktorlar – 63,7 foizga, g‘alla yig‘uv mashinalari 36,5 foizga, kultivatorlar 23,1 foizga, traktor tirkamalari 9,3 foizga ko‘p ishlab chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avval O‘zbekistonda har 100 ta xonadonga 40 dan ko‘proq avtomobil to‘g‘ri kelishi xabar qilingan edi.