Dori vositalari salomatlikni saqlashda va tiklashda katta o‘rin tutadi, ammo undan kutilgan natijaga erishish uchun dori xavfsiz va sifatli bo‘lishi, shuningdek, oqilona qo‘llanishi lozim. Samarasiz, sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalari bemorlarning salomatligiga xavf tug‘dirishdan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimiga va rasmiy dori ishlab chiqaruvchilarga bo‘lgan ishonchga ham putur yetkazadi. O‘zbekiston iste’molchilari axborot resursi saytida shu haqda so‘z boradi.

Foto: aferizm.ru

Foto: aferizm.ru

Qalbakilashtirilgan dori vositasi – tarkibi va (yoki) ishlab chiqaruvchisi haqida yolg‘on ma’lumot ilova qilingan dori vositasi;

Qalbakilashtirish dori vositasining patentlangan nomiga (savdo markasiga) yoki patentlanmagan nomiga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Qalbakilashtirilgan dori vositasida dori tarkibiga moddalar noto‘g‘ri miqdorda yoki tarkibda qo‘shilgan bo‘lishi ehtimoli bor. Shuningdek, tarkibida zaruriy faol qatnashuvchisi bo‘lmagan yki kam miqdorda bo‘lgan dorilar, soxta qadoqli dorilar ham uchraydi.

Qalbakilashtirilgan dori mahsulotlariga quyidagilar kiradi:

  • o‘ramida ko‘rsatilgan faol tarkibiy qismlardan birortasi ham bo‘lmagan vositalar;
  • ko‘rsatilganidan boshqa faol moddalari ham bo‘lgan mahsulotlar;
  • ko‘rsatilgan faol moddalari andozadan kam miqdorda bo‘lgan mahsulotlar;
  • ko‘rsatilgan faol moddalari mavjud bo‘lib, ularning turli miqdordagi aralashmasidan iborat bo‘lgan mahsulotlar.

O‘zbekiston iste’molchilari axborot resursi shular haqida ma’lumot berib, mamlakatda aniqlangan qalbakilashtirilgan dorilar ro‘yxatini ham keltiradi.

Shuningdek, bu borada batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bo‘yicha Bosh boshqarmaga murojaat etish tavsiya qilinadi.