Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida o‘sish anomaliyasi bilan dunyoga kelgan to‘rt oylik qizcha operatsiya qilindi. Bu haqda o‘z xabar bergan Uzbekistan Today saytida ta’kidlanishicha, agar shu jarrohlik amaliyoti qilinmasa, qizcha yashab keta olmas edi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Jarrohlik amaliyoti “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan Koreya Respublikasi Ehwa Womans University shifoxonasi doktorlarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkazildi. Siydik yo‘llarida anomaliya bilan tug‘ilgan qizchani professor Chung Vu operatsiya qildi.

Bu jarrohlik amaliyoti o‘zbek shifokorlari uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini ham o‘tadi. Keyingi yillarda mamlakatda nuqsonli tug‘ilgan go‘daklarni hayotining ilk oylaridanoq jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirish faol rivojlanmoqda.

Koreyalik shifokorlarning O‘zbekistonga tashrifi shu haftaning oxirigacha davom etadi. Ular poytaxt hamda Toshkent viloyatidagi yetakchi tibbiy markazlarda turli kasalliklarga chalingan bolalarga maslahatlar ham berishadi.