Respublika madaniy hayotida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi muhim o‘rin tutadi: u har yili yuzdan oshiq turli – xalqaro, respublika miqyosidagi, biror mavzu doirasidagi shaxsiy ko‘rgazmalarni o‘tkazadi. Joriy yilga rejalashtirilgan tadbirlar orasida esa, muntazam o‘tkazib kelinayotgan bir qator ko‘rgazmalar bilan birga, keng miqyoslilari ham bor, deya xabar beradi Anons.uz.

Foto: anons.uz

Foto: anons.uz

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinovning ta’kidlashicha, joriy yilda an’anaviy “Tasviriy san’at festivali–2014”, Bolalar rasmlari xalqaro biyennalesi, Xalqaro fotobiyennale kabi yirik tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ularda ko‘pchilik mamlakatlardan jahonga taniqli hamda yosh rassomlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, viloyat, respublika va jahon miqyosidagi 300 dan oshiq tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Ular orasida rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, bezakli-amaliy san’at badiiy ko‘rgazmalari va boshqalar ham bor.

Bulardan tashqari, milliy bayramlarimiz – Mustaqillik kuni va Navrzo‘zga bag‘ishlab ekspozitsiyalar tashkillashtiriladi. “Merosimiz”, “Muzeylardagi va shaxsiy jamlanmalardan”, “Yangi nomlar”, “An’anaviy hunarmandchilik” va boshqa mavzularda tadbirlar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan rassomlarimiz Moskva, Pekin, Shanxay, Bryussel va boshqa shaharlarda tashkil etilayotgan nufuzli ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.