O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga terrorizm bilan bog‘liq ikkita yangi modda qo‘shildi. Endilikda terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan xabardor etmaganlik (155-1-modda) va terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik (155-2-modda) uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Xushnudbek.uz sayti xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi kodekslari. Foto: Xushnudbek Xudayberdiyev

O‘zbekiston Respublikasi kodekslari. Foto: Xushnudbek Xudayberdiyev

Prezident Islom Karimov 2014-yil 20-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Qonunga muvofiq, 7 ta Kodeks, 17 ta Qonun hamda 1 ta Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Gazeta.uz nashrining xabar berishicha, JKning yangi 155-1-moddasi tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va faktlar haqida xabar bermagan kishilar uchun eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu harakat odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir jinoyatlarga olib kelsa, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Shuningdek, JKning yangi kiritilgan 155-2-moddasida terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs bu haqda hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga, shuningdek, o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar u boshqa jinoyat sodir etmagan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.