Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, aholi punktlaridagi kanalizatsiya tarmog‘i tizimlari va tozalash inshootlarini tubdan rekonstruksiya qilishga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Bu borada Surxondaryo viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, deydi O‘zA.

Foto: Flickr / Joost Nelissen

Foto: Flickr / Joost Nelissen

2013-yili vohada ana shu maqsadlar uchun 21 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Viloyat “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdumannon Zokirovning ta’kidlashicha, bu sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyat aholisining sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 87,7 foizga yetkazish imkonini beradi.

Surxondaryo viloyatining suv ta’minoti va sanitariyasi loyihasi doirasida 431,7 kilometrlik quvurlar yotqizilib, 89 aholi punktida istiqomat qilayotgan 240 mingga yaqin kishining suv ta’minoti yaxshilandi.

Joriy yilda bu ishlar yangi bosqichda davom ettirilmoqda, Xo‘jamayxona bulog‘idan Boysun tumanini shifobaxsh suv bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Tumanlardagi 28 aholi punktida ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilab, yangi barpo etilayotgan 25 namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy massivlarga suv quvurlari o‘tkazish mo‘ljallanayotir.