O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligining hamkorlikdagi ishlari dasturiga asosan byudjet tashkilotlarining byudjet intizomiga rioya etishiga oid nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, 2013-yilning to‘rtinchi choragida respublika va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtiriladigan o‘n to‘qqizta tashkilotda rejali tekshiruv o‘tkazilib, ulardan ayrimlarida moliyaviy huquqbuzarliklar aniqlandi. Hisob palatasi hamda Moliya vazirligining nazorat-taftish bosh boshqarmasining bu haqdagi ma’lumoti O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida e’lon qilindi.

Foto: uzreport.uz

Foto: uzreport.uz

Jumladan, Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 20 o‘ringa mo‘ljallangan “Endokrinologiya” va 16 o‘ringa mo‘ljallangan “Neyroxirurgiya” bo‘limlari ta’minoti uchun 246,5 million so‘mlik byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflanganligi ma’lum bo‘ldi.

Bemorlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash korxonasi esa, bemorlarga 155,6 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini kam bergan, mahsulotlarini yuqori narxda sotib olish oqibatida 22,3 million so‘mlik byudjet mablag‘i ortiqcha sarflangan. Bundan tashqari, bemorlarni boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan imtiyozli orderlar bo‘yicha davolash holatlariga ham yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatida mahalliy byudjet ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlarida qiymati 159,5 million so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlar qo‘shimcha hisoblangani aniqlandi.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish zarur bo‘lgan hollarda byudjet mablag‘lari hisobidan 674,6 million so‘mlik, oftalmologiya shifoxonasida 434,4 million so‘mlik, Jizzax shahar tibbiyot birlashmasida 1166,5 million so‘mlik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan.

Hozirda tekshiruvlar natijalari huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga topshirilgan; yo‘l qo‘yilgan shu kabi huquqbuzarliklar oqibatlarini bartaraf etish, yetkazilgan zararni qoplash, aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.