O‘zbekiston Respublikasi hukumati 21-yanvardagi qarori bilan ochiq suv havzalarida suv oqimini barqarorlashtirish va xavfsiz oqishini ta’minlash bo‘yicha 2014—2015-yillarga va 2020-yilga qadar amal qiladigan dasturni tasdiqladi. Mazkur qaror sel va toshqin suvlarinining zararli ta’siridan aholi va iqtisodiy obyektlarni himoyalash ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilindi, deb yozadi “Uzdaily” nashri.

Foto: uzdaily.uz

Foto: uzdaily.uz

Qarorda ta’kidlanishicha, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimiyatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi o‘z vaqtida qirg‘oqlarni mustahkamlash va boshqa muhofaza tadbirlari bo‘yicha aniq choralarni ko‘rishgan. Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari bu borada o‘z vaqtida choralar ko‘rmaganliklari aytilgan.

Dasturga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi suv xo‘jaligi obyektlari bo‘ylab sel va toshqin suvlarining barqaror va xavfsiz oqizilishini ta’minlash ishlariga 2014—2015-yillarda 10,44 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati idoralari tasarrufida bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektlarida sel va toshqinning oldini olish ishlariga yana 30,042 milliard so‘m ajratiladi.

Ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek, vazirlik va muassasalarning o‘z mablag‘lari, Moliya vazirligi qoshidagi Respublika yo‘l jamg‘armasi va boshqa manbalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.