O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xorijiy investorlar bilan aloqalar borasidagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi sayti ma’lumotiga asoslanib Podrobno.uz xabar beradi.

“Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, shuningdek, zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi. Endi bu jarayon ‘yagona oyna’ prinsipi bo‘yicha amalga oshirilishi qonun bilan belgilab qo‘yildi”, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xabarida.

Vazirliklar, idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari va banklarga xorijiy investorlar hamda ular ishtirokidagi korxonalar faoliyati bilan bog‘liq qo‘shimcha talab va cheklovlar qo‘yishlari taqiqlanadi.

Bundan tashqari, xorijiy investorlarga yuqori texnologiyalarni joriy etishga va yuqori texnologiya mahsulotlarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritishda qo‘shimcha muhofaza kafolatlari taqdim etildi.