“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va Korean Air “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro logistika markazini yaratish borasidagi shartnoma muddatini yana besh yilga uzaytirdi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.

Foto: Planespotters.net / Olav Groening

Foto: Planespotters.net / Olav Groening

“Mazkur hujjat Koreyaga O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi tashrifi davomida imzolandi. “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro logistika markazi taraqqiy qilishda davom etmoqda. Hozirda Navoiydagi havo bandargohi Yevroosiyoning asosiy, jumladan, Inchon, Milan, Bryussel, Istanbul, Dubay, Dehli va Tyanzin logistik markazlari bilan hamkorlik qilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ushbu markaz orqali yuk tashish hajmi 25 ming tonnani tashkil etdi. To‘g‘ri, bu avvalgi yil ko‘rsatkichiga (33,33 ming tonna yuk) nisbatan kamroq. Lekin bu holat yuk tashuvchilarning mazkur logistika markaziga qiziqishlari susayganini bildirmaydi, balki butunjahon iqtisodiy jarayonidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq”, — deydi milliy aviakompaniya vakili.

Eslatib o‘tamiz, ikki aviakompaniya o‘rtasidagi shartnoma 2008-yilda tuzilgan edi. Shu yillar mobaynida “Navoiy” aeroportida katta yuk tashuvchi Boeing-747 samolyotlari uchun yangi to‘xtash joylari barpo etildi, yangi yuk terminali ishga tushirildi.