“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi aviachiptalari narxi yaqin orada oshmaydi. Bu haqda 27-yanvar kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aviakompaniya bosh direktori Valeriy Tyan ma’lum qildi, deya xabar beradi “Uz24” nashri.

Foto: Wikipedia / Arustaman

Foto: Wikipedia / Arustaman

Shuningdek, “O‘zbekiston havo yo‘llari” bosh direktori hozirda aviaparvozlar uchun eng past narxli tariflar amal qilayotganini ta’kidlagan; aviachiptalar narxini xalqaro tariflarda belgilanganidan pasaytirish imkoni yo‘qligini aytgan.

Matbuot anjumanida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan 2013-yilda aviakompaniya tomonidan 24,5 mingta reys amalga oshirilib, 2,6 million nafardan ortiq yo‘lovchi va 41 ming tonna yuk tashilganini ma’lum qildi, deya xabar beradi O‘zA.

Xabarda ta‘kidlanishicha, 2016-yilda yuksak darajadagi qulayliklarga ega ikkita Boeing 787 Dreamliner samolyoti keltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Matbuot anjumanida aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga oid amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistondagi 12 aeroportga xalqaro maqom berilgani ta’kidlandi.