O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan “Jamiyat va men – 2013” tanlovi O‘zbekistondagi bosma va internet nashrlar, axborot agentliklari jurnalistlari va fotojurnalistlari, shuningdek, jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

Xushnudbek Xudayberdiyev qo‘lga kiritgan sovg‘a. Foto: Xushnudbek Xudayberdiyev

Xushnudbek Xudayberdiyev qo‘lga kiritgan sovg‘a. Foto: Xushnudbek Xudayberdiyev

Ushbu tanlovning “Internetdagi eng yaxshi maqola” yo‘nalishi bo‘yicha huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev g‘olib bo‘ldi. Sovg‘a sifatida unga g‘olib diplomi va planshet topshirildi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda deputatlar, jamoat tashkilotlari vakillari, bosma va internet nashrlarining jurnalistlari, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va ko‘plab qonun hujjatlari media sohani yanada erkinlashtirish, uning jahon andozalari darajasida faoliyat ko‘rsatishi uchun muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. 1991-yilda mamlakatimizda 395 ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ular 1372 tani tashkil etadi. Ularning oltmish foizga yaqini nodavlat ommaviy axborot vositalaridir.