Joriy yilning 17-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2013-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Islom Karimov tomonidan masalalarni so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qator vazifalar qo‘yilgan edi. Endilikda tadbirkorlar, xorij investorlari va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo (TIAIS) vaziriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etishlari mumkin, deb xabar berdi vazirlikning rasmiy sayti.

TIAISV rasmiy saytining murojaat etish sahifasi. Skrinshot: “Daryo”

TIAISV rasmiy saytining murojaat etish sahifasi. Skrinshot: “Daryo”

Agar tadbirkorlar respublika hududida tashqi iqtisodiy va investitsion faoliyatni amalga oshirishda qonuniy manfaatlari va haq-huquqlari buzilishiga, davlat organlari bilan o‘zaro aloqada boshqa byurokratik to‘siqlarga duch kelsa, mamlakatda investitsiya va ish muhitini tashkil etish bilan bog‘liq takliflari mavjud bo‘lsa, vazirlikning rasmiy veb-sayti — mfer.uz orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri TIAIS vaziriga murojaat etish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini rivojlanishiga yordam berish maqsadida tadbirkorlar vazirga shaxsan murojaat etishi yoki taklif va shikoyatlarni 8 (371) 238-50-00 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan holda qoldirishi ham mumkin.

Ta’kidlash joiz, har bir murojaat ro‘yxatdan o‘tkazilib, nazoratga olinadi. Yuborilgan barcha taklif va shikoyatlar diqqat bilan ko‘rib chiqiladi, ular bo‘yicha tegishli choralar qo‘llaniladi va javob xati yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha kun ichida Bosh vazir va Davlat soliq qo‘mitasi raisiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etish imkoniyati yaratildi.