“Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini yanada yaxshilash, mahalla hududlarini obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

Foto: xdp.uz

Foto: xdp.uz

Mahallalar hududi hamda tabarruk ziyoratgohlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida minglab mevali va manzarali daraxt, gul ko‘chatlari ekildi. 372 bolalar maydonchasi qurildi, 902 bolalar maydonchasida ta’mirlash, 1203 maydonchada obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 95 yangi mahalla guzari qurilib, fuqarolar yig‘inlariga 3015 kompyuter jamlamasi, 2112 mebel jihozlari topshirildi.

Davlat dasturi doirasida kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 262 nafar nogiron hamda ota-onasiz talabaning shartnoma puli to‘lab berildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning 2489 nafar farzandi sog‘lomlashtirish oromgohlarida bepul dam oldirildi. Mehribonlik, Saxovat va Muruvvat uylaridagi ikki ming nafardan ortiq fuqaro va tarbiyalanuvchi kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlandi.