2014-yilning yanvarida AQShning Kongressi va Senati qabul qilgan qonunni prezident Barak Obama imzoladi. Bunday qonunning qabul qilinishini xalqaro ekologik tashkilotlar, shuningdek texnogen xavflar bo‘yicha mutaxassislar ko‘pdan buyon talab etishar edi, deb yozadi “Pravda vostoka” gazetasi.

Foto: Wikipedia

Foto: Wikipedia

Qabul qilingan mazkur qonunga ko‘ra, AQShning xalqaro moliyaviy tashkilotlar Direktorlar kengashlaridagi vakillari yirik to‘g‘on va gidroenergetik obyektlar qurilishi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday hujjatga qarshi chiqishga chaqirildi.

Bugungi kunda Qo‘shma Shtatlar xalqaro moliyaviy institutlarning asosiy aksiyadori va donori hisoblanadi. Ular qatorida Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Butunjahon taraqqiyot assotsiatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi kabilar bor. Endi ularning barchasida to‘g‘on va yirik gidroenergetik obyektlar qurilishini qo‘llab-quvvatlashiga qarshi chiqishini AQSh qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘ydi.

Markaziy Osiyo hududi uchun bu masalalar o‘ta ahamiyatli hisoblanadi, chunki transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryo hamda ularning irmoqlarida yirik GESlar (jumladan, Tojikistonda Rog‘un GES, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1) barpo etilishini davom ettirish harakatlar bo‘lmoqda.

Loyihalarning asosiy xavfi shundaki, elektr energiyasining taqchilligi muammosini hal etish va yangi quvvat manbalarini yaratish uchun harakatlar qilinganida, ularning butun hudud uchun halokatli oqibatlari inobatga olinmayapti.

AQShda qabul qilingan mazkur qonun esa yirik to‘g‘on va gidroenergetik obyektlar qurilishidan kelib chiqadigan xavfga davlat miqyosidagi muhim masala sifatida qarash lozimligiga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratadi. Bu esa, Markaziy Osiyoda shunday inshootlar barpo etilishiga jon-jahdi bilan harakat qilayotganlarni ham hushyorlikka chorlaydi.